Oy haqida ma'lumotlar



Asosiy sahifaga o'tish

Oy – Yer sayyorasining yagona tabiiy yoʻldoshi. Oy Yerdan oʻrtacha 384 400 km uzoqlikda joylashgan. Orbitasining ekliptika tekisligiga qiyaligi burchagi 5° 8' 43" ni tashkil etadi. Massasi 7,35×1022 kg (1/81,3 Yer massasi). Oʻrtacha radiusi 1738km, sirtidagi erkin tushish tezlanishi 1,62 m/s2. Astronomik belgisi ☾. Oy orbitasi ekliptika tekisligiga oʻrtacha 5°8’43" burchak ostida yotib, 4°58’ dan 5°20’ gacha oʻzgarib turadi. Oy Yer atrofida gʻarbdan sharqqa harakatlanib, biror yulduzga nisbatan toʻla aylanish davri uning siderik (yoki yulduz) davri deb ataladi. Bu davr 27,32 oʻrtacha Quyosh sutkasiga teng. Oy orbitasining ekliptika tekisligi bilan kesishish nuqtalari uning chiqish va tushish tugunlari deyiladi. Oy tugunlari ekliptika boʻylab Oyning harakatiga qarama-qarshi yoʻnalishda (yaʼni gʻarbga tomon) siljib boradi va 18 yil-u 7 oy (6793 sutka)da ekliptikani toʻla bir marta aylanib chiqadi. Oyning biror tugundan chiqib, yana shu tugunga qaytib kelishi orasida oʻtgan vaqt ajdar oyi deyilib, u oʻrtacha 27,21222 sutkaga tengdir. Quyosh va Oy tutilishlarining davriyligi shu oy bilan bogʻliq.
Oy oʻz orbitasi bilan oʻrtacha 83°20’ burchak tashkil etuvchi oʻq atrofida aylanadi. Uning oʻz oʻqi atrofida aylanish davri (27,32 sutka) siderik oy (davr)ga teng, shu sababli Oy hamma vaqt Yerga bir tomoni bilan „qarab“ turadi. Bu davrlarning bir xil boʻlib qolganligi tasodifiy emas. Yerning tortish kuchi Oyning oʻz oʻqi atrofida aylanishiga taʼsir koʻrsatib (sekinlatib), million yillar davomida uni Yer atrofida aylanish davriga tenglashtirilgan.
Oy oʻz oʻqi atrofida tekis aylangani holda Yer atrofida aylanish orbitasining turli nuqtalarida uning tezligi turlicha boʻladi, natijada Yerdan qaraganda Oy bir oz tebranib harakatlanganday koʻrinadi. Tebranish uzunlama boʻyicha 7°54’, kenglama boʻyicha 6°50’ ni tashkil etadi. Bunday tebranish libratsiya deyiladi.
Oy shar shaklida boʻlib, radiusi 1737 km, yaʼni 0,2724 Yerning ekvatorial radiusiga teng. Oy sirti maydoni 3,8-107 km²ni, hajmi – 0,0743 = ʻ/49 Yer hajmini tashkil etadi. Oy sirtidagi nuqtalarning radiusini oʻlchash uchun libratsiyaga asoslangan kuchsiz stereoskopik effektdan foydalaniladi. Libratsiyani oʻrganish Oy ellipsoidining bosh yarim oʻqlari farqini aniqlashga imkon berdi. Oyning qutbiy oʻqi Yerga yoʻnalgan ekvatorial oʻqdan 700 m, Yerga tomon yoʻnalishga perpendikulyar yoʻnalishdagi ekvatorial oʻqdan esa 400 m kichik. Shunday qilib, Yerning tortish kuchi taʼsirida Oy shaklida Yerga yoʻnalgan qabariqlik hosil boʻlgan. Yerdan uchirilgan sunʼiy yoʻldoshlar harakat trayektoriyalarini oʻrganish asosida Oy massasi eng aniq hisoblangan: u Yer massasidan 81,3-marta kichik, yaʼni 7,35-1025 g. Oʻrtacha zichligi 3,34 g/sm³ (0,61 Yer oʻrtacha zichligi)ga teng. Ogʻirlik kuchining tezlanishi, Oy sathida Yerdagidan 6-marta kichik, yaʼni 162,3 sm/s2 boʻlib, Oy sathidan har bir km koʻtarilgan sari 10,187 sm/s2 ga kamayib boradi. Oyda birinchi kosmik tezlik 1680 m/s, ikkinchi kosmik tezlik 2375 m/s. Oyning tortish kuchi kichik boʻlganligi sababli, uning atrofida gaz qobigʻi va erkin holdagi suv boʻlishi mumkin emas.


Batafsil

Rasm Rasm Rasm